620 mln so‘mlik sovrin va jahon grossmeysterlari: “Zakovat-Gambit” finali Toshkentda
Turnirda qatnashish uchun 5 831 nafar shaxmatchi ro‘yxatdan o‘tgan bo'lib, ularning 633 nafari ayollar hisoblanadi.

19–23-oktabr kunlari V «Zakovat-Gambit» shaxmat turnirining hududiy saralash bosqichlari o‘tkazildi. Bu yil musobaqada qatnashish uchun 5 831 nafar shaxmatchi ro‘yxatdan o‘tdi. Ularning 633 nafari ayollar bo‘lib, bu ko‘rsatkich turnir tarixidagi rekord sifatida qayd etildi.
Hududiy saralashda qatnasha olmagan yoki keyingi bosqichga yo‘llanma ololmagan shaxmat ixlosmandlari uchun ham imkoniyat mavjud. 24-oktabr kuni chess.com platformasida qo‘shimcha onlayn saralash o‘tkaziladi.
Saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan ishtirokchilar 28-oktabr kuni yarim finalda bellashadi. Eng kuchli shaxmatchilar esa 29–30-oktabr kunlari Toshkentda final bosqichida ishtirok etadi.
Bu yilgi musobaqaga dunyoga mashhur grossmeysterlar — vengriyalik Peter Leko va hindistonlik Hampi Koneru tashrif buyurishi kutilmoqda. Ular shaxmat muxlislari uchun maxsus seanslar o‘tkazib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashadi.
Turnirning umumiy sovrin jamg‘armasi 620 million so‘mni tashkil etadi. Ishtirokchilar reytingiga qarab beshta guruhga ajratiladi va har bir guruhda g‘oliblik uchun kurash olib boriladi.
«Zakovat-Gambit» turniri shaxmatga qiziquvchilarni birlashtirish, yangi iste’dodlarni kashf etish hamda tajriba almashish uchun imkoniyat yaratishga qaratilgan.








