O‘zbekiston–Koreya hamkorligi: 12 mlrd dollarlik loyihalar portfeli tayyorlandi
2027-yil O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida “Madaniyat va o‘zaro almashinuvlar yili” deb eʼlon qilinadi.

Shavkat Mirziyoyev Seul shahrida Koreya Prezidenti Li Chje Myon bilan muzokara o‘tkazdi. Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi alohida strategik sheriklikni yana-da rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar izchil kengayib borayotganini qayd etdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Koreya sarmoyasi ishtirokidagi 700 dan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. Koreyaning yirik kompaniyalari, jumladan, “Samsung”, “LG”, “Lotte”, “Youngone” va “KIA” mamlakatimiz bozorida faol ishlamoqda.
Koreyadan O‘zbekiston iqtisodiyotiga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi 8 milliard dollardan oshgan. Jizzaxdagi “KIA” avtomobillarini ishlab chiqarish loyihasi, Milliy bolalar tibbiyot markazi hamda Ustyurt gaz-kimyo majmuasi hamkorlikning yirik loyihalari qatoridan joy olgan.
Muzokaralarda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishning savdo, investitsiya, muhim minerallar, transport va infratuzilma kabi ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Tashrif doirasida qariyb 12 milliard dollarlik istiqbolli loyihalardan iborat yangi investitsiya portfeli shakllantirilishi qayd etildi. Shuningdek, Koreya Eksimbanki bilan 8 milliard dollarlik Strategik hamkorlik dasturi qabul qilindi.
Tomonlar ilg‘or texnologiyalar, axborot texnologiyalari, kiberxavfsizlik, tibbiyot, farmatsevtika va boshqa yuqori texnologiyali yo‘nalishlarda innovatsion hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi. Harbiy-texnik sohadagi aloqalarni, jumladan, mutaxassislar tayyorlash va qo‘shma tadbirlarni rivojlantirishga ham tayyorlik bildirildi.
Taʼlim va kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Hozirda O‘zbekistonda Janubiy Koreya universitetlarining to‘rtta filiali faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, KOICA ko‘magida tashkil etilgan beshta kasb-hunarga o‘qitish markazi yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlashga xizmat qilmoqda.
Hududlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi. Ikki davlat o‘rtasida ilk bor o‘tkazilgan Hududlararo forum yuqori baholanib, navbatdagi forumni Samarqand shahrida tashkil etish rejalashtirildi.
Madaniy-gumanitar aloqalarni yana-da mustahkamlash maqsadida 2027-yilni O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida «Madaniyat va o‘zaro almashinuvlar yili» deb eʼlon qilishga kelishib olindi. Davlat rahbari O‘zbekistondagi koreys diasporasi ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlovchi muhim «maʼnaviy ko‘prik» ekanini taʼkidladi.
Muzokaralar yakunida tomonlar mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi qator masalalar bo‘yicha pozitsiyalari yaqinligini tasdiqladi.








