Yosh tadqiqotchining fojiali taqdiri: 4-qavatdan tushib, 10 kundan so‘ng vafot etdi
Toshkentda maktab-internati o‘quvchisi yotoqxonaning yuqori qavatidan tushib ketib vafot etdi.

Toshkentda maktab-internati o‘quvchisi yotoqxonaning to‘rtinchi qavatidan tushib ketib, og‘ir jarohat olgan. U 10 kun davomida shifoxonada davolangan, biroq 15-sentyabr kuni vafot etgan. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov Zamon.uz‘ga maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, o‘quvchi Sh. J. bundan 10 kun avval maktab-internat yotoqxonasining 4-qavatidan tushib ketgan. Oqibatda u og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, o‘quvchi 15-sentyabr kuni vafot etgan.
Hozirda holat yuzasidan Olmazor tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Voqeaning barcha tafsilotlariga aniqlik kiritilmoqda.
Maʼlumotlarga ko‘ra, Sh. J. matematika va ilmiy yo‘nalishdagi respublika hamda xalqaro tanlovlarda sovrinli o‘rinlarni egallab kelgan.
U 2026-yilda Olmaota shahrida o‘tkazilgan Yosh tadqiqotchilar xalqaro turnirida oltin medalni qo‘lga kiritgan.








