Toshkentda aliment va bankdan qarzdor fuqaroning mashinasi xatlandi
Ayni paytda avtomashina belgilangan tartibda xatlanib, jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Sud hujjatlari ijrosini taʼminlash, qarzdorliklarni undirish hamda ijro harakatlaridan bo‘yin tovlash holatlarining oldini olish maqsadida Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, boshqarmaning AMIIIE shoʻbasi inspektori U.Mashhurov ish yurituviga fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining 2026 yil 26 avgustdagi ijro varaqasiga asosan qarzdor A.Sh.dan bank foydasiga 36 million 81 ming 400 so‘m qarzdorlikni undirish bo‘yicha ijro hujjati kelib tushgan.
Shuningdek, boshqa ijro hujjati bo‘yicha qarzdorning aliment majburiyatlari mavjudligi sababli unga tegishli bo‘lgan «Tracker 2» rusumli avtotransport vositasiga qidiruv eʼlon qilingan.
Olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida qarzdor tomonidan uzoq vaqt davomida yashirib kelingan mazkur avtotransport vositasi aniqlandi. Avtomashina belgilangan tartibda xatlanib, jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Mazkur holat sud hujjatlari ijrosini taʼminlashda qarzdorlarga tegishli mol-mulkni aniqlash va ularni yashirish orqali majburiyatlardan qochishga urinishlarning oldini olish muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.







