Farg‘onada fermerdan 192,6 mln jarima undirildi
Aniqlanishicha, fermer xo‘jaligi rahbari mineral o‘g‘it yetkazib berishni vaʼda qilib, fuqarodan 20 ming AQSH dollari olgan.

Majburiy ijro byurosi Beshariq tuman bo‘limi tomonidan qarzdor F.O.O.dan 192 million 610 ming so‘m jarima to‘liq undirildi.
Mazkur ijro hujjati Jinoyat ishlari bo‘yicha Furqat tuman sudining 2026 yil 7 apreldagi hukmi hamda Farg‘ona viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining ajrimi asosida qo‘zg‘atilgan.
Aniqlanishicha, fermer xo‘jaligi rahbari mineral o‘g‘it yetkazib berishni vaʼda qilib, fuqarodan 20 ming AQSH dollari olgan. Shuningdek, fermer xo‘jaligini sotish bilan bog‘liq holatda ham boshqa shaxsning pul mablag‘larini noqonuniy ravishda qo‘lga kiritgan.
Qarzdor jarimani ixtiyoriy to‘lash uchun berilgan muddatda majburiyatini bajarmagani sababli, davlat ijrochilari tomonidan unga tegishli noturar bino va inshootlar xatlandi.
Ko‘rilgan choralar natijasida 192 610 000 so‘m jarima to‘liq undirilib, ijro ishi amalda tamomlandi.







