O'zbekiston

Farg‘onada MIB orqali bolalar ona bag‘riga qaytdi

Maʼlum bo‘lishicha, 11 va 7 yoshli ikki qizaloq uzoq vaqt onasidan alohida yashagan.

Farg‘onada MIB orqali bolalar ona bag‘riga qaytdi

Majburiy ijro byurosi Rishton tuman bo‘limi xodimlarining saʼy-harakatlari bilan 11 va 7 yoshli ikki qizaloq uzoq ayriliqdan so‘ng onasi bag‘riga qaytarildi.

 

Byuro faoliyatida mulkiy va nomulkiy tusdagi turli ijro hujjatlari mavjud. Ammo ular orasida farzandni ota yoki onasiga qaytarish bilan bog‘liq ijro hujjatlari borki, ularni ijro etish nafaqat huquqiy bilim va masʼuliyatni, balki katta sabr, ehtiyotkorlik va nozik yondashuvni ham talab qiladi.

 

Zero, pul qarzini undirish yoki mol-mulkni qaytarish mumkin. Ammo bolaning qalbi, uning his-tuyg‘ulari va ruhiy kechinmalariga kelganda, har bir qadamni o‘ylab bosish zarur.

 

Chunki bola uchun ota ham aziz, ona ham qadrli. Ularning qay biri bilan yashashidan qatʼi nazar, bola qalbida har ikkisiga nisbatan mehr va sog‘inch bo‘lishi tabiiy. Shu bois bunday ijro jarayonlarida bolaning eng avvalo qonuniy huquqlari, qonuniy manfaatlari va ruhiy holatiga alohida eʼtibor qaratish muhim.

 

Rishton tumanidagi mazkur holatda ham Byuro xodimlarining saʼy-harakatlari natijasida ikki qizaloq onasi bag‘riga qaytarildi.

 

Ikki qizaloq uchun ona bag‘ri yana mehr maskaniga aylansin. Qalblaridagi sog‘inch o‘rnini quvonch, ko‘zlaridagi mung o‘rnini esa tabassum egallasin!

 

Zero, ijroning eng katta natijasi — hujjatning bajarilishi emas, balki qonun ustuvorligi taʼminlangan holda bolaning huquqlari va manfaatlari himoya qilinishidir.