Istanbulda o‘zbekistonlik ayol vafot etdi: u doridan zaharlangan
Marhumaning jasadi O‘zbekistonga olib kelindi.

2026-yil 19-sentyabr kuni Istanbul shahrida O‘zbekiston fuqarosi Meliyeva Mohira farmatsevtik vositadan zaharlanish oqibatida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, marhuma kasallik davrida uy sharoitida norasmiy shaxslar ko‘magida davolangan. Davolanish davomida qabul qilingan dori vositalarining nojo‘ya ta’siri sabab uning ahvoli og‘irlashgan, qonida infeksiya rivojlangan va organizmida kuchli reaksiya kuzatilgan.
Shunga qaramay, bemor o‘z vaqtida shifoxonaga olib borilmagan va uy sharoitida davolanish davom ettirilgan.
Ahvoli jiddiylashgach, Meliyeva Mohira dastlab Marmara shifoxonasiga olib borilgan. U yerda jonlantirish bo‘limiga joylashtirish imkoni bo‘lmagani sabab bemor Kartal tuman shifoxonasiga ko‘chirilgan. Shifokorlar tomonidan zarur tibbiy muolajalar ko‘rsatilganiga qaramay, uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.
Marhumaning jasadi O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligi hamkorligida O‘zbekistonga olib kelindi.
Bosh konsulxona Turkiyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini dori vositalarini shifokor tavsiyasisiz qabul qilmaslik, norasmiy va tegishli malakaga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan davolanishdan saqlanishga chaqirdi.
Shuningdek, sog‘liq holati keskin yomonlashganida vaqtni boy bermasdan rasmiy tibbiyot muassasalariga murojaat qilish zarurligi ta’kidlandi.
Bosh konsulxona marhumaning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.








