Qarshidagi xonadonda gaz portladi: jarohatlanganlar bor
Hozirda hodisaning kelib chiqish sabablari va holatlarini aniqlash yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

22-noyabr kuni soat 00:28 da Qarshi shahri Batosh mahallasi hududida joylashgan ko‘p qavatli turar joy binosining 2-qavatidagi xonadonlardan birida gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘ldi. Bu haqda FVV xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa oqibatida 2 nafar fuqaro kuyish tan jarohati bilan shifoxonaga murojaat qilgan.
Shuningdek, chaqnash natijasida yong‘in yuzaga kelgan va qutqaruvchilar tomonidan qisqa vaqtda o‘chirilgan.
Ayni paytda mas’ul idoralar tomonidan hodisaning kelib chiqish sabablari va holatlarini aniqlash yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
FVV fuqarolardan gazdan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etishni, gaz jihozlarini nazoratsiz qoldirmaslikni so‘radi.








