3,2 mlrd so‘m qimorga tikildi: bank xodimi mijozlar mablag‘ini o‘zlashtirgan
Andijonda onlayn qimor bilan bog‘liq bir nechta firibgarlik holatlari fosh etildi.

Andijonda onlayn qimorga berilib ketgan shaxslar fuqarolar va mijozlarning milliardlab so‘m mablag‘larini o‘zlashtirgani aniqlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Birinchi holatda bankning xalqaro pul o‘tkazmalariga oid hisobvaraqlari uchun mas’ul xodimi mijozlarning 3,2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ini o‘zlashtirgan. Tergov davomida u pullarni xalqaro plastik kartasiga o‘tkazib, Xbet onlayn qimor o‘yinlarida yutqazgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, xodim qamoqqa olingan. Tergov yakunlanib, ish sudga yuborilgan.
Yana bir holatda 30 yoshga ham kirmagan fuqaro tanishining ishonchiga kirib, undan 26 ming dollarga teng ikkita “Damas” avtomobilini olgan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, u avtomobillarni onlayn qimorda yutqazib yuborgan. Ushbu holat yuzasidan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud muhokamasiga yuborilgan.
Bundan tashqari, Xo‘jaobod tumanida “Umra” ziyoratiga borishni rejalashtirgan 74 nafar fuqaro diniy soha xodimiga ishonib, jami 1,3 mlrd so‘m pul topshirgan. Biroq u mablag‘larni ziyorat safarini tashkil etishga sarflash o‘rniga onlayn qimor o‘yinlarida yutqazgan.
Sud hukmiga ko‘ra, u Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, 5 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.








