Ziyoratga yuborish va’dasi: “Umra” ziyoratini noqonuniy tashkil etishga uringanlar aniqlandi
Uch hududda fuqarolarni noqonuniy ziyoratga yuborish evaziga pul olgan shaxslar ushlandi.

Navoiy, Namangan va Qo‘qon shaharlarida fuqarolarni noqonuniy ravishda “Umra” ziyoratiga yuborishga urinish bilan bog‘liq holatlar aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida yashovchi, 1979-yilda tug‘ilgan shaxs turistik firmalarda ishlaydigan tanishlari orqali ikki fuqaroni “Umra”ga yuborishni va’da qilib, firibgarlik yo‘li bilan 2 500 dollar olgan vaqtida ushlangan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Namangan shahrida esa 1981-yilda tug‘ilgan shaxs o‘zini turistik firma vakili sifatida tanishtirib, uch nafar fuqaroni ziyoratga yuborish evaziga 3 150 dollar talab qilgan. U oldindan 1 100 dollar olgan vaqtida ushlangan. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur shaxs avval ham firibgarlik jinoyatlari uchun sudlangan va probatsiya nazorati ostida bo‘lgan. Unga nisbatan ham Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan tadbirda esa “Umra” ziyoratini tashkil etish huquqiga ega bo‘lmagan turistik firma rahbari ikki fuqaroni ziyoratga yuborish evaziga 2 300 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Har uch holat bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.








