Davlat tashkilotining sobiq xodimi qidiruvda edi: u Turkiyada ushlandi
U Jinoyat kodeksining 167 va 228-moddalari bilan qidiruvga berilgan bo‘lib, O‘zbekistonga qaytarilgan.

Xalqaro qidiruvga berilgan Y.G. Turkiyada qo‘lga olinib, O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
O‘zbekiston va Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qidiruvdagi shaxs ushlangan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Y.G. Xorazm viloyatidagi bandlikka ko‘maklashish tashkilotida mas’ul lavozimda ishlagan davrida mansab vakolatlaridan foydalanib, davlat mablag‘larini talon-toroj qilish hamda hujjatlarni qalbakilashtirishda ayblanmoqda.
U Jinoyat kodeksining 167 va 228-moddalari bilan qidiruvga berilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.








