Harbiylar halok bo‘ldi: Qozog‘istonda 25-sentyabr milliy motam kuni deb e’lon qilindi
Mang‘istov viloyatida harbiy mashg‘ulotlar vaqtida 19 nafar harbiy suvga oqib ketib, ulardan 12 nafari halok bo‘ldi.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Mang‘istov viloyatidagi harbiy mashg‘ulotlar vaqtida harbiy xizmatchilar halok bo‘lgani munosabati bilan 25-sentyabrni mamlakatda milliy motam kuni deb e’lon qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Davlat rahbarining farmoyishiga ko‘ra, xizmat burchini bajarish vaqtida harbiylar halok bo‘lgani sababli 2026-yil 25-sentyabr kuni Qozog‘iston Respublikasida milliy motam kuni o‘tkaziladi.
24-sentyabr kuni Mang‘istov viloyatida Qozog‘iston Qurolli kuchlari Harbiy-dengiz kuchlarining mashg‘ulotlari o‘tkazilayotgan edi. Kaspiy dengizi sohilida jangovar tayyorgarlik topshirig‘ini bajarayotgan 19 nafar harbiy kuchli shamol va ob-havoning keskin yomonlashuvi sabab suv oqimiga tushib ketgan.
Qozog‘iston Mudofaa vazirligi dastlab to‘qqiz nafar harbiy halok bo‘lgani, uch nafari qutqarilganini ma’lum qilgan. Keyingi ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni 12 nafarga yetgan.
Qozog‘iston Bosh prokuraturasi hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini va tergov harakatlari olib borilayotganini bildirdi. Fojia sabablarini aniqlash uchun hukumat komissiyasi ham tuzilgan. Bosh vazir o‘rinbosari Qanat Bozumbayev hodisa joyiga borgan.
Qosim-Jo‘mart To‘qayev halok bo‘lgan harbiylarning yaqinlariga hamdardlik bildirgan va fojia sabablarini atroflicha tergov qilishni topshirgan.
Hodisa munosabati bilan Oqtov shahrida “Shahar kuni” doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan barcha bayram tadbirlari ham bekor qilingan.








