Qozog‘istonda harbiylar o‘limi: 5 nafar mansabdor ushlandi
Yana gumonlanuvchilarni aniqlash bo‘yicha ham tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Qozog‘istonda «Hazar Qorg‘oni — 2026» mashg‘ulotlari vaqtida harbiy xizmatchilar halok bo‘lishi ortidan Mudofaa tizimining 5 nafar mansabdori ushlandi. Ular xizmatga loqayd munosabatda bo‘lish va kemani boshqarish qoidalarini buzishda gumon qilinmoqda.
Ushlanganlar orasida Qurolli Kuchlar Harbiy-dengiz kuchlari Bosh qo‘mondoni shtab boshlig‘i — birinchi o‘rinbosari, ikki nafar harbiy qism komandiri, dengiz piyodalari rotasi hamda kater komandirlari bor.
Gumonlanuvchilarning barchasi Aqtau shahri politsiya boshqarmasining vaqtincha saqlash izolyatoriga joylashtirilgan.
24-sentyabr kuni Qozog‘istonning Mang‘istov viloyati sohilida o‘tkazilgan dengiz mashg‘ulotlari vaqtida ob-havo keskin yomonlashib, kuchli shamol kuzatilgan. Natijada 17 nafar harbiy xizmatchi dengizga olib chiqib ketilgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari davomida uch nafar harbiy xizmatchi qutqarilgan, 14 nafari esa halok bo‘lgan.
Hozirda tergovchilar harbiy mashg‘ulotlarni tashkil etish va o‘tkazishda mas’ul shaxslar tomonidan qanday qarorlar qabul qilingani, xavfsizlik talablariga rioya etilgani, ob-havo sharoiti hisobga olingani, katerning texnik holati va mansabdorlarning harakatlarini o‘rganmoqda.
Holat yuzasidan Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligining harbiy-tergov bo‘linmasi tomonidan tergov olib borilmoqda. Gumonlanuvchilarning harakatlariga qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy baho beriladi.
Tergov Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura nazoratida. Qo‘shimcha gumonlanuvchilarni aniqlash bo‘yicha ham tergov harakatlari davom ettirilmoqda.








