O'gay qizini o'ldirdi: Qashqadaryoda 4 yoshli qiz o‘gay onasi urishi oqibatida vafot etdi
Bosh qismidan jiddiy jarohat olgan qizaloqning sog‘lig‘i keskin yomonlashgan va u shu kuni hayotdan ko‘z yumgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryoda o‘gay onasi urganligi oqibatida bolaning vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat Bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olingan.
Aniqlanishicha, 26-sentabr kuni Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida yashovchi 1994-yilda tug‘ilgan I. S. turmush o‘rtog‘i, 1988-yilda tug‘ilgan N.A. bilan o‘zaro nizolashgan. Mojaro vaqtida ayol erining 2022-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qizi O.Sh.ni urgan.
Buning oqibatida qizaloq bosh qismidan jiddiy jarohat olgan. Uning sog‘lig‘i keskin yomonlashib, shu kunning o‘zida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan 27-sentabr kuni Kasbi tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 126-moddasi 8-qismi “g” bandi — oilaviy zo‘ravonlik natijasida jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lish holati bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. I.S. Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasiga asosan gumonlanuvchi tariqasida protsessual tartibda ushlangan.
Qayd etilishicha, mazkur jinoyat uchun Jinoyat kodeksida 10 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Bolalar ombudsmani bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan mazkur jinoyat ishi yurituvini kuzatishda davom etadi.
Holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.








