Endi navbat AQSHga: Nyu-Yorkda favqulodda holat e'lon qilindi
Shtatda yil boshidan buyon qizamiqning 108 ta holati qayd etilgan.

AQShning Nyu-York shtatida qizamiq epidemiyasi tarqalishi sabab shtat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qilindi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Nyu-York gubernatori Keti Xochulning ma’lum qilishicha, 3-oktabr holatiga ko‘ra, shtatda qizamiqning 108 ta holati tasdiqlangan. Ularning yettitasi Nyu-York shahrida, 101 tasi esa shtatning boshqa hududlarida qayd etilgan.
15-iyuldan buyon 18 ta okrugdagi yetarlicha emlanmagan qishloq jamoalarida 92 ta holat aniqlangan. Shu davr mobaynida mahalliy sog‘liqni saqlash boshqarmalari qishloq hududlarida qizamiq, tepki va qizilchaga qarshi MMR vaksinasining 1 mingdan ortiq dozasini yuborgan.
Favqulodda holat doirasida qizamiqqa qarshi emlashni amalga oshirishi mumkin bo‘lgan tibbiyot xodimlari doirasi kengaytiriladi. Jumladan, paramediklar, farmatsevtlar, doyalar va boshqa tegishli tibbiyot mutaxassislariga vaksina yuborish vakolati beriladi.
Shuningdek, hamshiralar shifokorlar bilan bir qatorda qizamiq bilan kasallanganlikda gumon qilingan shaxslar uchun testlarni buyurishi mumkin bo‘ladi. Barcha MMR emlashlari haqidagi ma’lumotlar 72 soat ichida shtat yoki Nyu-York shahri emlash registrlariga kiritilishi talab etiladi.
Gubernator Keti Xochul qizamiqning emlash orqali oldini olish mumkin bo‘lgan kasallik ekanini ta’kidlab, shtatdagi epidemiyaga qarshi choralarni kuchaytirish maqsadida favqulodda holat e’lon qilganini bildirgan.
Favqulodda holat 5-oktabrdan kuchga kirgan va 4-noyabrgacha amal qiladi.







