Makka kelishuvi amalda: Turkiya va Pokiston qo‘shinlarini Saudiya Arabistoniga tezkor joylashtirish choralarini ko'radi
Makka va Madinaga qilingan hujumlarga urinishlar hamda Saudiya Arabistonidagi fuqarolik va iqtisodiy obyektlarga tahdidlar qoralandi.

Turkiya va Pokiston Saudiya Arabistoni xavfsizligini ta’minlash uchun qirollikka kelishilgan harbiy kuch va vositalarni tezkor joylashtirishga qaror qildi. Bu haqda 5-oktyabr kuni Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan Makka ittifoqining Strategik-siyosiy va mudofaa qo‘mitasi favqulodda yig‘ilishidan so‘ng e’lon qilingan qo‘shma bayonotda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda Saudiya Arabistoni oldida turgan xavfsizlik muammolari va tahdidlar muhokama qilindi.
Tomonlar kollektiv mudofaa majburiyatlarini amaliy jihatdan bajarishga darhol kirishish, kelishilgan harbiy kuch va imkoniyatlarni ta’minlash hamda ularni Saudiya Arabistoniga tezkor joylashtirish uchun zarur choralarni ko‘rishga qaror qilgan.
Bayonotda bu choralar tomonlarning milliy qonunchiligi va avval tasdiqlangan kelishuvlar asosida amalga oshirilishi qayd etilgan. Maqsad — harbiy tayyorgarlikni kuchaytirish, kuchlarning o‘zaro integratsiyasini yaxshilash va umumiy tahdidlarga qarshi kurashish imkoniyatlarini oshirish.
Turkiya va Pokiston, shuningdek, Saudiya Arabistoni Qurolli kuchlarining hushyorligi, jangovar tayyorgarligi va tahdidlarga qarshi kurashdagi salohiyatini yuqori baholagan.
Tomonlar Makka va Madinaga hujum qilishga urinishlarni, shuningdek, Saudiya Arabistonidagi shaharlar, fuqarolik va iqtisodiy obyektlarga qaratilgan hujumlarni keskin qoraladi. Qirollikning xavfsizligi va hududiy yaxlitligiga qarshi har qanday hujum yoki tahdid rad etilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, uch davlatdan har birining xavfsizligi umumiy kollektiv xavfsizlikning ajralmas qismi ekani qayd etildi.
Makka ittifoqining Strategik-siyosiy va mudofaa qo‘mitasi yig‘ilishida Pokistonning iste’fodagi general-leytenanti Nauman Mahmud ittifoqning uch yil muddatga birinchi bosh kotibi etib tayinlandi.
Mazkur qarorlar 7-avgust kuni Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston tomonidan imzolangan Makka mudofaa kelishuvi doirasida qabul qilindi. Kelishuv uch davlatdan birining xavfsizligiga tajovuzni umumiy mudofaa majburiyatlarini ishga tushiruvchi tahdid sifatida ko‘rishga asoslangan.







