“Yorqin xonadon”: “Temir daftar”dagi 1 197 ta oilaga quyosh panellari bepul o‘rnatiladi
Loyiha ehtiyojmand oilalarning elektr energiyasi xarajatlarini kamaytirish va ortiqcha ishlab chiqarilgan elektr energiyasini tarmoqqa sotish orqali qo‘shimcha daromad olishiga imkon beradi.

“Temir daftar”ga kiritilgan 1 197 ta kam taʼminlangan oilaga quyosh panellari bepul o‘rnatiladi.
Energetika vazirligi va Saudiya Arabistonining “Acwa” kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilayotgan “Yorqin xonadon” ijtimoiy loyihasining yakuniy bosqichi boshlandi.
Yangi bosqich Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand va Buxoro viloyatlarini qamrab oladi. Unda quyosh panellari o‘rnatiladigan oilalar ro‘yxati “Temir daftar” reyestri asosida, hududiy hokimliklar bilan hamkorlikda shakllantiriladi.
Energetika vaziri Sherzod Xodjayevning taʼkidlashicha, loyiha ehtiyojmand oilalarga quyosh energiyasidan foydalanish imkoniyatini yaratish, ularning elektr energiyasi xarajatlarini kamaytirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirishga xizmat qiladi.
Loyiha doirasida hozirga qadar Surxondaryo, Buxoro, Toshkent va Navoiy viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 580 ta oila va 334 ta ijtimoiy soha obyekti quyosh panellari bilan taʼminlangan.
Ijtimoiy obyektlar qatoridan maktablar, maktabgacha taʼlim tashkilotlari va qishloq vrachlik punktlari o‘rin olgan.
“Acwa” kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori Jon Zaidiy qayta tiklanuvchi energiya manbalari barqaror kelajakning muhim omillaridan biri ekanini taʼkidlab, loyiha doirasida samaradorligi yuqori bo‘lgan quyosh panellaridan foydalanilayotganini qayd etdi.
Quyosh panellari ehtiyojmand oilalar va ijtimoiy obyektlarning elektr energiyasi xarajatlarini kamaytirish bilan birga, ortiqcha ishlab chiqarilgan elektr energiyasini tarmoqqa sotish orqali qo‘shimcha daromad olish imkonini ham beradi.
Yakuniy bosqich amalga oshirilgach, “Yorqin xonadon” loyihasi jami 3 100 dan ortiq oila va ijtimoiy soha obyektlarini qamrab oladi.








