Toshkentda xalqaro kontent bozori tashkil etiladi: tadbir 2027-yil fevralda o‘tkaziladi
“Tashkent Content Market” 50 dan ortiq davlatdan 3 ming nafardan ziyod ishtirokchini jamlashi kutilmoqda.

“Tashkent Content Market” xalqaro kontent bozorining rasmiy taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistonda ilk bor 2027-yil 4–5-fevral kunlari o‘tkaziladigan tadbir milliy filmlar, seriallar, animatsiya va raqamli mahsulotlarni xalqaro bozorga olib chiqish, xorijiy hamkorlar bilan aloqalar o‘rnatish hamda yangi loyihalar yaratish uchun professional maydon bo‘ladi.
Taqdimotda 20 dan ortiq teleradiokanal, 15 dan ziyod OTT/VOD va onlayn platforma, 7 ta davlat tashkiloti va sohaviy muassasa hamda 40 ga yaqin kinostudiya, media kompaniya, ijodiy jamoa va kinoteatr vakillari, shuningdek, mustaqil ijodkorlar ishtirok etdi. Ular tadbir dasturi, ishtirok etish shartlari va ro‘yxatdan o‘tish tartibi bilan tanishdi.
TCM doirasida xalqaro ko‘rgazma, forum va muhokamalar, B2B uchrashuvlar, loyiha namoyishlari hamda mahorat darslari tashkil etiladi. 50 dan ortiq davlatdan 3 000 nafardan ziyod ishtirokchini jamlashi kutilayotgan tadbir tashkilotchisi — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi.
Ro‘yxatdan o‘tish va batafsil ma’lumot: www.tcm.uz








