AQSh yordamisiz Ukraina bugun mavjud bo‘lmas edi — Rubio
AQSh Davlat kotibi Vashington yordamisiz Ukraina suveren davlat sifatida mavjud bo‘lmasligi mumkinligini aytdi.

AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Vashington, jumladan, Donald Tramp ma’muriyatining ko‘magisiz Ukraina bugungi kungacha suveren davlat sifatida saqlanib qololmagan bo‘lishini ta’kidladi.
Marko Rubio bu haqda Hindistonda jurnalistlar bilan suhbatda aytib o‘tdi. Bloomberg xabariga ko‘ra, AQSh Davlat kotibi The Wall Street Journal nashrining SpaceX asoschisi Ilon Maskning Ukrainadagi Starshield sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimi faoliyatiga cheklovlar qo‘yilishiga aloqadorligi haqidagi maqolasiga izoh bergan.
“Agar Tramp ma’muriyati davrida ham Qo‘shma Shtatlarning yordami bo‘lmaganida, Ukraina bugun mavjud bo‘lmas edi. U suveren davlat sifatida mavjud bo‘lmas edi”, — degan Rubio.
Uning ta’kidlashicha, Tramp ma’muriyati Starshield tizimiga bunday cheklovlar qo‘yilishiga ruxsat bermagan.
Ukraina budjeti so‘nggi yillarda katta taqchillik bilan faoliyat yuritmoqda. Mamlakatning o‘z daromadlari asosan harbiy xarajatlarni qoplashga yo‘naltirilayotgani, boshqa budjet ehtiyojlari esa G‘arb yordami hisobidan moliyalashtirilayotgani qayd etilgan.
Kiyev harbiy ehtiyojlarni moliyalashtirish uchun mablag‘ topish tobora qiyinlashayotganini ham tan olgan.







