Bolalar farovonligi — kelajakka sarmoya: Samarqandda jahon sammiti boshlandi
Ushbu nufuzli anjumanda 100 dan ortiq davlat vakillari va xalqaro tashkilotlar ishtirok etmoqda.

Bugun, 21-oktyabr kuni Samarqand shahrida «Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlar barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l» Jahon sammiti boshlandi. Bu haqda sammitda ishtirok etayotgan Zamon.uz muxbiri xabar bermoqda.
Tadbirning ochilish qismida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi xonimi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva nutq so‘zladi.
Ziroat Mirziyoyeva sammitda ishtirok etayotgan birinchi xonimlar, delegatsiyalar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari hamda hamkor tashkilotlarga, shuningdek, bolalarning baxtli kelajagi uchun harakat qilayotgan barchaga minnatdorlik bildirdi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, bugun dunyoda 400 milliondan ortiq bola o‘ta qashshoqlikda yashamoqda. Qariyb bir milliard bola iqlim o‘zgarishi xavfi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda ulg‘aymoqda.
«O‘zbekiston Orol fojiasini boshidan kechirgan davlat. Shuning uchun biz ekologik muammolar bolalar salomatligi va kelajagiga qanchalik og‘ir taʼsir qilishini yaxshi bilamiz», — dedi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi xonimi.
Mutaxassislar maʼlumotiga ko‘ra, xalqaro insonparvarlik yordamining keskin kamayishi sababli, 2025-yilda besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi shu asr boshidan beri birinchi marta oshgan.
«Bu barchamiz uchun jiddiy ogohlantirishdir», — deb qayd etdi Ziroat Mirziyoyeva.
Sammitda 100 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etmoqda. Jumladan, BMT, JSST, Xalqaro bolalar onkologlari jamiyati, Yevropa onkologiya maktabi va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari, qator davlatlarning sog‘liqni saqlash sohasi rahbarlari, shuningdek, olimlar, mutaxassislar hamda jamoatchilik faollari qatnashmoqda.
Sammit doirasida bolalar salomatligi, taʼlimi, ijtimoiy himoyasi va xavfsizligiga investitsiyalarni kuchaytirish masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda. Tadbir ikki kun davom etadi.








