Eron AQSH bilan mojaroda o'zini himoya qilish huquqidan foydalandi — Tehron
Eron vitse-prezidenti mamalakat urushni istamasligini, tinchlikni qarama-qarshilikdan ustun qo‘yishini ta’kidladi.
Eron AQSh bilan mojaro davomida o‘zini himoya qilishning qonuniy huquqidan foydalanganini ma’lum qildi. Bu haqda mamlakat birinchi vitse-prezidenti Muhammad Rizo Orif Dushanbeda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Hukumat rahbarlari kengashi yig‘ilishida so‘z yuritdi.
Orifning ta’kidlashicha, Eron o‘z harakatlarini BMT Nizomining 51-moddasida belgilangan o‘zini himoya qilish huquqi bilan izohlaydi. Shu bilan birga, Tehron urush va beqarorlikni istamasligini, qarama-qarshilikdan ko‘ra tinchlikni afzal bilishini bildirgan.
“Eron Islom Respublikasi o‘zini himoya qilishning ajralmas huquqidan foydalandi, ammo shu bilan birga yana bir bor urush va beqarorlikni istamasligini, har doim qarama-qarshilikdan ko‘ra tinchlikni afzal ko‘rishini namoyish etdi”, — degan Orif.
BMT Nizomining 51-moddasi qurolli hujum sodir bo‘lgan taqdirda davlatlarning individual yoki jamoaviy o‘zini himoya qilish huquqini tan oladi. Ushbu huquq doirasida ko‘rilgan choralar BMT Xavfsizlik Kengashiga zudlik bilan ma’lum qilinishi lozim.








