Adashayotgan bo‘lishni istardim”: Vuchich uchinchi jahon urushi xavfi haqida ogohlantirdi
Serbiyaning sobiq prezidenti Yevropa davlatlarining tezkor qurollanishi uchinchi jahon urushi xavfini kuchaytirishi mumkinligini aytdi.

Serbiyaning sobiq prezidenti Aleksandr Vuchich Yevropa davlatlarining harbiy salohiyatini oshirishi va mudofaa sanoatiga katta mablag‘ yo‘naltirishi kelajakda keng ko‘lamli urush xavfini kuchaytirishi mumkinligini ta’kidladi.
Aleksandr Vuchich bu haqda jurnalist Kseniya Sobchak bilan YouTube’da e’lon qilingan intervyusida gapirdi.
Uning fikricha, Yevropa mamlakatlari mudofaa sanoatiga katta sarmoya kiritib, qurol ishlab chiqarishni ko‘paytirmoqda. Vuchich bu jarayonni Anton Chexov pyesalaridagi mashhur tamoyil bilan taqqosladi: agar sahnaning birinchi pardasida qurol osilib tursa, uchinchi pardada u albatta o‘q uzadi.
Siyosatchi bunga misol sifatida Germaniyaning qurol ishlab chiqarishni kengaytirayotgan Rheinmetall mudofaa kompaniyasini keltirgan.
Uchinchi jahon urushi boshlanishi ehtimoli haqidagi savolga javob berar ekan, Vuchich o‘z taxmini noto‘g‘ri chiqishiga umid qilishini, biroq vaziyatdan xavotirda ekanini bildirdi.
«Agar adashgan bo‘lsam, men eng baxtli odam bo‘lardim. Lekin qo‘rqamanki, adashmayapman», — degan u.
Vuchich Yevropa davlatlari o‘zlarining harbiy salohiyatini oshirayotganini ko‘rmaslik mumkin emasligini ta’kidlagan. Uning qayd etishicha, Yevropa mamlakatlari buni Rossiyadan himoyalanish zarurati bilan izohlamoqda.
Uning fikricha, Rossiyaga AQSh, Yevropa yoki Buyuk Britaniya tomonidan bevosita hujum uyushtirilsa, Moskva yadroviy qurol bilan javob qaytarishi mumkin.
Vuchich Rossiya bilan muloqot qilish zarurligi haqidagi chaqiriqlari Yevropadagi siyosiy mavqeiga salbiy ta’sir ko‘rsatganini ham ta’kidlagan.







