Ikki oyda 400 milliard dollar: AQSh qarzi o‘sishda davom etmoqda
AQSHning davlat qarzi 40,4 trillion dollarga yetdi.

TASS'ning AQSh Moliya vazirligi ma’lumotlari asosida xabar berishicha, mamlakatning suveren qarzi rekord darajadagi 40 trillion dollarga yetganidan keyingi ikki oy ichida qariyb 400 milliard dollarga oshgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil 19-avgust kuni AQSh davlat qarzi ilk bor 40 trillion dollarga yetgan. Shundan buyon qarz miqdori qariyb 1 foizga o‘sib, 40,4 trillion dollarni tashkil etgan.
AQSh mutaxassislarining prognozlariga ko‘ra, mamlakat davlat qarzi keyingi o‘n yillikda yalpi ichki mahsulotning qariyb 120 foiziga yetishi mumkin. Bu federal hukumat qarzi mamlakat iqtisodiyotining bir yillik ishlab chiqarish hajmidan ham oshib ketishini anglatadi.
Vashington har yili davlat qarzi bo‘yicha foiz to‘lovlariga qariyb 970 milliard dollar sarflaydi. Bu xarajatlar mamlakatning harbiy xarajatlaridan ham yuqori ekani qayd etilgan. 2020-yildan buyon qarz foizlarini to‘lash xarajatlari uch baravarga oshgan.
Peterson xalqaro iqtisodiyot instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, hukumat xarajatlari yoki soliq tizimida islohotlar amalga oshirilmasa, AQSh davlat qarzi olti yil ichida 50 trillion dollarga yetishi mumkin.







