Jahon

Netanyaxu Eronga zarbalarni qayta boshlamoqchi — FT

AQSh esa saylovlargacha keskin choralar ko'rishni istamayapti.

Netanyaxu Eronga zarbalarni qayta boshlamoqchi — FT

 

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu AQSh bilan muzokaralarda Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy harakatlarni qayta boshlashni talab qilmoqda. Bu haqda The Financial Times nashri vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib xabar berdi.

 

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil harbiylari oktabr oyi boshida Eronga qarshi intensiv operatsiyalar o‘tkazish rejasini tayyorlagan. Hujumlarni 10-oktabrda boshlash va bir necha kun davom ettirish ko‘zda tutilgan. Nishonlar qatoriga elektr stansiyalari kabi fuqarolik infratuzilmasi obyektlari hamda yadroviy inshootlar kiritilgan.

 

Biroq AQSh prezidenti Donald Trampning pozitsiyasi sababli rejalar keyinga qoldirilgan. Tramp Isroil tomoniga Vashington AQSh Kongressiga oraliq saylovlar yakunlanguniga qadar keskin choralar ko‘rishni istamasligini bildirgan.

 

FT manbalari harbiy harakatlarni qayta boshlash haqidagi bayonotlar Tehronga yon berish uchun bosim o‘tkazishga qaratilgan taktika bo‘lishi ham mumkinligini qayd etmoqda.

 

Avvalroq Axios nashri ham o‘z manbalariga tayanib, Tramp va Netanyaxu AQSh hamda Isroildagi saylovlardan oldin Eronga qarshi yangi keng ko‘lamli operatsiya o‘tkazish imkoniyatini muhokama qilgani haqida xabar bergan edi.

 

AQShda Kongressga oraliq saylovlar 3-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Saylovlarda Vakillar palatasidagi barcha o‘rinlar va Senatdagi ayrim o‘rinlar uchun kurash kechadi.