Fransiyada Shamonda virusi ilk bor odamda aniqlandi: bemor vafot etdi
Bu virus odamda ilk bor aniqlangan holat bo‘lib, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bemorga u mayda qon so‘ruvchi hasharot chaqishi orqali yuqqan.

Fransiyada odatda hayvonlar orasida tarqaladigan Shamonda virusi ilk bor odamda aniqlandi. Virus yuqtirgan bemor vafot etdi. Biroq mamlakat rasmiylari bu alohida holat ekanini va virus odatda odamlar uchun xavf tug‘dirmasligini bildirdi.
BBC xabariga ko‘ra, vafot etgan bemorning immun tizimida jiddiy muammolar bo‘lgan. Fransiya sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi vazirliklari qo‘shma bayonotida bemorda o‘limidan oldin kuzatilgan nevrologik asoratlar virusni yuqtirish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini qayd etgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bemor virusni mayda qon so‘ruvchi hasharot chaqishi orqali yuqtirgan. Voqea Fransiyaning sharqida, virus hayvonlar orasida tarqalgan hududda sodir bo‘lgan.
Shamonda virusi Afrika va Osiyoda bir necha o‘n yildan beri tarqalib kelmoqda. Yevropada esa u ilk bor 2026-yil yozida aniqlangan. Virus odatda hayvonlar orasida qon so‘ruvchi mayda hasharotlar orqali yuqadi.
Fransiya vazirliklari ushbu holat yuzasidan klinik, biologik va epidemiologik tadqiqotlar davom etayotganini ma’lum qilgan.
Yevropa kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish markazi (ECDC) ham vaziyatni kuzatmoqda. Markaz Fransiya rasmiylari va Yevropadagi hamkorlar bilan aloqada bo‘lib, holatning jamoat salomatligi uchun ehtimoliy oqibatlarini o‘rganmoqda.







