JSSTdan xalqaro e’tirof: Ziroat Mirziyoyeva nufuzli mukofot bilan taqdirlandi
JSST Bosh direktori bolalar onkologiyasi sohasidagi yetakchiligi va bolalar salomatligini himoya qilishga qo‘shgan hissasi uchun O‘zbekiston Birinchi xonimiga xalqaro mukofotni topshirdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus O‘zbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyevani bolalar onkologiyasi sohasidagi yetakchiligi va bolalarning sog‘lom hayot kechirish huquqini ilgari surgani uchun nufuzli xalqaro mukofot bilan taqdirladi.
Mukofot “Bolalar farovonligiga investitsiyalar: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli taraqqiyot yo‘lida” xalqaro sammiti hamda Bolalar onkologiyasi va gematologiyasi bo‘yicha II xalqaro kongress doirasida topshirildi.
JSST Bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus marosimda Ziroat Mirziyoyevaning bolalar, xususan, onkologik kasalliklarga qarshi kurashayotgan bolalar manfaatlarini himoya qilish borasidagi faoliyatini e’tirof etdi.
“Muhtaram Birinchi xonim! Siz butun dunyoda bolalar, ayniqsa, onkologik kasalliklar bilan kurashayotgan bolalar manfaatlari yo‘lida chinakam kurashchi, har bir bolaning ta’lim olish va sog‘lom hayot kechirish huquqining himoyachisisiz”, — dedi JSST Bosh direktori.
2019-yilda ta’sis etilgan mukofot aholi salomatligini muhofaza qilish sohasida aniq natijalarga erishgan, yetakchilik va yuksak yutuqlarni namoyon etgan shaxslarga topshiriladi.
Avvalgi yillarda mukofot davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, Nobel mukofoti sovrindorlari, taniqli olimlar hamda jamoat arboblariga berilgan. Ular global emlashni rivojlantirish, yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish, tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va sog‘liqni saqlash sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun e’tirof etilgan.








