Botkin qabristonida devor qulab, qabr toshlariga zarar yetdi: qurilish to‘xtatildi
Buyurtmachi va pudrat tashkilotiga shikastlangan qabr toshlarini tiklash majburiyati yuklatildi.

Toshkent shahridagi Botkin qabristonida qurilish ishlari vaqtida devor qulab tushib, bir nechta qabr toshlariga zarar yetdi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi ma’lum qildi.
Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, sobiq shampan vinolari zavodi hududida olib borilgan qurilish ishlari vaqtida obyektni Botkin qabristonidan ajratib turgan devor qulagan. Oqibatda qabristonning 15-sektori so‘nggi qatoridagi bir nechta qabr toshlari shikastlangan. Qabrlarning o‘zi ochilib qolmagan.
Toshkent shahar hokimligi va Shahar obodonlashtirish boshqarmasi vaziyatni nazoratga olgan. Qoidabuzarliklar bilan olib borilgan qurilish ishlari to‘xtatilgan, mas’ul shaxslar aniqlangan. Hodisa tafsilotlari va ularning xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi.
Buyurtmachi va pudrat tashkilotiga devor qulashi oqibatlarini bartaraf etish hamda shikastlangan qabr toshlarini tiklash majburiyati yuklatilgan. Tashkilotlar uzr so‘rab, ishlarni hafta oxirigacha yakunlashlarini bildirgan.
Hokimlik marhumlarning yaqinlari his-tuyg‘ulariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish muhimligini ta’kidlab, tiklash ishlari nazoratda bo‘lishini va jarayon haqida qo‘shimcha ma’lumot berib borilishini ma’lum qildi.








