Rulda uxlash oqibati: Andijonda yuk mashinasi YTHga uchradi
Yuk mashinasi yo‘ldan chiqib ketib, yaqin atrofdagi turar joylarga zarar yetkazdi.

2026-yil 23-oktyabr kuni soat 03:30 larda Andijon viloyati Buloqbosh tumani “Nayman” MFY hududidagi Toshmahalla ko‘chasida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.
Andijon viloyati IIB YHXB ma’lumotiga ko‘ra, 1990-yilda tug‘ilgan N.S. “HOWO” rusumli yuk mashinasini boshqarayotib, uxlab qolgan. Natijada haydovchi transport vositasi boshqaruvini yo‘qotgan va yuk mashinasi yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketib, ko‘cha chetidagi uzum so‘ritog‘iga urilgan.
Hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan. Biroq yaqin atrofdagi turar joylarga moddiy zarar yetgan.
Hozirda holat yuzasidan Buloqbosh tumani IIB YHXB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi haydovchilarni yo‘lga chiqishdan oldin jismoniy holatiga e’tibor berishga, charchoq yoki uyqu bosishi kuzatilganda transport vositasini boshqarmaslikka chaqirdi.








