Shavkat Mirziyoyev “Rosatom” rahbarini qabul qildi
Uchrashuvda O‘zbekistondagi ilk integratsiyalashgan AES qurilishi, mutaxassislar tayyorlash va atomchilar shaharchasini barpo etish masalalari muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-oktyabr kuni “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyovni qabul qildi.
Uchrashuvda mamlakatda ilk integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini barpo etish loyihasini amalga oshirish, shuningdek, ilg‘or texnologiyalar va bilimlar asosida tegishli infratuzilmani rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Birinchi reaktor binosi poydevorini qurish va atom elektr stansiyasini loyihalashtirish ishlari izchil davom etayotgani qayd etildi.
Suhbat davomida soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratildi. Bunda “MMFI” Milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkentdagi filiali hamda “Rosatom” obyektlari imkoniyatlaridan foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, bo‘lajak AES yaqinida energiya tejamkor uy-joylar, zamonaviy ta’lim, tibbiyot va sport muassasalari hamda aholiga qulay sharoit yaratadigan ijtimoiy infratuzilmaga ega atomchilar shaharchasini barpo etish istiqbollari muhokama qilindi.








