Dorixonalarga dori vositalari majburan qo‘shib sotilyaptimi? Raqobat qo‘mitasi holatni o‘rganmoqda
O‘zbekistonda ayrim dori yetkazib beruvchilar dorixonalardan buyurtma qilinmagan preparatlarni ham sotib olishni talab qilayotgani aytilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim importyorlar va ulgurji distribyutorlar dorixonalarga talab yuqori bo‘lgan dori vositalarini sotishda boshqa preparatlarni ham majburiy ravishda qo‘shib sotayotgani yuzasidan shikoyatlar tarqalmoqda.
Raqobat qo‘mitasi ushbu holatlarni o‘rganmoqda. Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, bunday talablar kichik tadbirkorlik subyektlarining iqtisodiy manfaatlariga zarar yetkazishi, ularning faoliyatini cheklashi va bozordagi raqobatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yilning dastlabki 9 oyida O‘zbekistonga 305 ta korxona tomonidan dori vositalari import qilingan. Importning 47,2 foizi 5 ta importyor hissasiga to‘g‘ri kelgan.
2026-yil 1-oktyabr holatiga ko‘ra, mamlakatda jami 14 598 ta dorixona mavjud bo‘lgan. Shundan 449 tasi ulgurji, 14 149 tasi chakana dorixonalardir. Chakana dorixonalarning 7 940 tasi asosiy dorixona, 6 209 tasi esa filial hisoblanadi.
“Raqobat to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, shartnoma tuzishda kontragentga boshqa tovarni ham sotib olish yoki realizatsiya qilish shartini qo‘yish ayrim holatlarda ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilish sifatida baholanishi mumkin.
Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llanishi mumkin. Sanksiya miqdori huquqbuzarlik sodir etilgan davrda, biroq oxirgi uch yildan oshmagan muddatda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumning 5 foizini tashkil etishi mumkin.
Qo‘mita ta’kidlashicha, talab yuqori bo‘lgan dorilarni xarid qilishda boshqa, buyurtma qilinmagan preparatlarni ham majburiy sotib olish sharti qo‘yilgani va bu raqobat qonunchiligini buzishi aniqlansa, tegishli korxonalarga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralar qo‘llanilishi mumkin.








