Toshkentda havo sifati yomonlashishi mumkin: bunga nima sabab bo‘ladi?
Havo sifati xalqaro indeks bo‘yicha “noqulay” darajaga yetishi mumkin.

24-oktyabrga o‘tar kechasi noqulay meteorologik sharoitlar sabab Toshkentda mayda chang zarrachalari miqdori ortishi kutilmoqda. Tongdan boshlab havo sifati asta-sekin yaxshilanishi prognoz qilinmoqda.
Xalqaro havo sifati indeksi (AQI) bo‘yicha kechki va tungi soatlarda havo sifati “noqulay” darajaga yetishi mumkin. Milliy indeks bo‘yicha esa ko‘rsatkich asosan “sariq” darajada bo‘lishi kutilmoqda.
Mutaxassislar buni tunda havo haroratining pasayishi, shamolning kuchsizligi va kuchli harorat inversiyasi bilan izohlamoqda. Bunday sharoitda atmosferaning quyi qatlamlarida havo almashinuvi cheklanib, PM2.5 va PM10 zarrachalari yer yuzasiga yaqin hududlarda to‘planishi mumkin.
Tongda harorat inversiyasi zaiflashishi bilan havo sifati asta-sekin yaxshilanishi kutilmoqda. Shunga qaramay, ertalab ayrim hududlarda havo sifati xalqaro indeks bo‘yicha “sezgir guruhlar uchun noqulay” darajada saqlanib qolishi mumkin.
Atmosfera havosi sifati maxsus komissiya tomonidan doimiy monitoring qilib borilmoqda.








