Liftga har oy texnik xizmat ko‘rsatilishi shart: yangi tartib belgilandi
2027-yil 1-yanvardan liftlardan foydalanish va ularga texnik xizmat ko‘rsatishning yangi tartibi kuchga kiradi.

Hukumatning 2026-yil 22-oktabrdagi 588-son qarori bilan liftlardan foydalanish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, liftlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalarni tuzish va bekor qilish, shuningdek, xizmat natijalarini qayd etish hamda saqlash “Xavfsiz lift” yagona idoralararo elektron platformasi orqali amalga oshiriladi.
Liftlar vakolatli organ tomonidan bepul ro‘yxatga olinadi. Dastlabki texnik ko‘rikdan ijobiy natija olinganidan so‘ng, lift ikki ish kuni ichida ro‘yxatdan o‘tkazilib, buyurtmachiga QR-kodli ma’lumotnoma yuboriladi.
Bino boshqaruvchisi liftga har oyda kamida bir marta texnik xizmat ko‘rsatilishini ta’minlashi shart.
Lift kabinasining ko‘rinadigan joyida quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak:
-
belgilangan shakldagi identifikatsiya raqami;
-
lift ro‘yxatdan o‘tkazilganini tasdiqlovchi QR-kodli ma’lumot;
-
bino boshqaruvchisi va texnik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning nomi, manzili hamda aloqa ma’lumotlari.
Yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan liftlarda qurilish materiallari, qurilish chiqindilari, lift o‘lchamlariga mos kelmaydigan buyum va jihozlarni, shuningdek, portlovchi, tez alangalanuvchi, radioaktiv va o‘ta zaharli moddalarni tashish taqiqlanadi. Bu taqiq liftning yuk ko‘tarish qobiliyatidan qat’i nazar amal qiladi.
Shuningdek, elektron platforma orqali sotib olinmagan va o‘rnatilmagan liftlar hamda ularning ehtiyot qismlaridan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘rnatilgan va muomalaga chiqarilgan har bir lift uchun kamida uch yillik kafolat muddati belgilanadi. Kafolat davrida ta’mirlash ishlari va lift qismlarini almashtirish muddati 15 kundan oshmasligi kerak.
Foydalanish taqiqlangan va qizil rangli ma’lumot yorlig‘i bilan belgilangan liftlarga texnik xizmat ko‘rsatilmaydi. Bunday davrda texnik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot bino boshqaruvchisidan oylik texnik xizmat haqini talab qila olmaydi.
Texnik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar reyestriga kiritilish onlayn xabarnoma yuborish orqali bepul amalga oshiriladi.
Qaror 2027-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.








