“Biznes aniq qoidalar va ochiq eshiklar bor joyga intiladi” — Saida Mirziyoyeva
Prezident Administratsiyasi rahbari O‘zbekiston har bir Amerika kompaniyasi bilan bevosita muloqot o‘rnatishni rejalashtirayotganini bildirdi.

Saida Mirziyoyeva AQSh bilan iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishda biznes uchun aniq qoidalar, ochiq muloqot va muammolarga tezkor yechim topish muhimligini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, iyun oyida Toshkentga qariyb 200 ta Amerika kompaniyasi tashrif buyurgan. Oradan to‘rt oy o‘tib, AQSh Davlat kotibi Marko Rubio boshchiligida yana 100 ga yaqin Amerika kompaniyasi O‘zbekistonga kelgan.
«Biznes aniq qoidalar, ochiq eshiklar va qo‘ng‘iroqlarga darhol javob beriladigan joyga intiladi. Shu bois biz doimo aloqada bo‘ladigan va murojaatlarni javobsiz qoldirmaydigan hamkor bo‘lishga intilmoqdamiz», — dedi Saida Mirziyoyeva.
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston har bir kompaniya bilan bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Buning uchun har bir kompaniyaga mas’ul shaxs biriktiriladi, hamkorlar ko‘targan muammolar esa Kengash hamraislarining e’tiboridan chetda qolmaydi.
«Halol sheriklikning mohiyati shunda: har ikki tomon ham manfaat ko‘rishi kerak», — deya ta’kidladi.








