1,4 ming tonna gaz qayerga ketgan? “Hududgazta’minot” talon-toroj holatlarini ma’lum qildi
2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida o‘tkazilgan tekshiruvlar yuzasidan 19 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

O‘zbekistonda 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida 1,4 ming tonna suyultirilgan gaz va 10 626 dona maishiy gaz balloni talon-toroj qilingani aniqlandi. Holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 25 ta material yuborilgan va ular asosida 19 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda “Hududgazta’minot” xabar berdi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda respublikada 3 million 730 mingdan ortiq aholi xonadoni va qariyb 2 mingta ijtimoiy soha obyekti suyultirilgan gaz bilan ta’minlanadi.
Gaz ta’minotida barqarorlik va moliyaviy shaffoflikni oshirish, gazni xarid qilish hamda taqsimlash mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida nazorat choralari amalga oshirilmoqda.
“Hududgazta’minot” AJ komplayens nazorat tuzilmalari tomonidan 2025-yil va 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida 3 mingdan ortiq to‘satdan tekshiruv va reyd o‘tkazilgan. Natijada jami 1 217 ta qoidabuzarlik aniqlangan.
Shuningdek, suyultirilgan gazni noqonuniy sotishga ixtisoslashgan 471 ta “bunker” aniqlanib, ularning faoliyati to‘xtatilgan.
Ko‘rilgan choralar natijasida qiymati taxminan 2 milliard so‘mlik 193,6 tonna suyultirilgan gaz hamda umumiy qiymati 8,7 milliard so‘mlik 17 301 dona maishiy gaz ballonining noqonuniy sotilishiga yo‘l qo‘yilmagan.
“Hududgazta’minot” AJ ma’lum qilishicha, tekshiruv va reydlar davom etmoqda. Aniqlangan kamchiliklarning sabablarini o‘rganish, qonunbuzarliklarga huquqiy baho berish va shu kabi holatlarning takrorlanishining oldini olish choralari ko‘rilmoqda.








