Kinematografiya agentligi tugatiladi: kino sohasi Madaniyat vazirligiga o‘tkaziladi
“O‘zbekfilm” davlat muassasasi tugatilib, uning o‘rnida zamonaviy biznes modeli asosida ishlaydigan milliy kinokompaniya tashkil etiladi.

O‘zbekistonda kino sohasini boshqarish, moliyalashtirish va film ishlab chiqarish vazifalari ajratilib, yangi tizim joriy etiladi. Kinematografiya agentligi tugatilib, kino sohasidagi davlat siyosatini yuritish vakolati Madaniyat vazirligiga o‘tkaziladi.
Vazirlikda Kino san’ati departamenti tashkil etiladi. Uning rahbari maqomi vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi. Mas’ullarga bir oy muddatda departament faoliyatini yo‘lga qo‘yish, Kinematografiya agentligi va uning tizimidagi tashkilotlarni tugatish topshirildi.
“O‘zbekfilm” davlat muassasasi tugatilib, zamonaviy biznes modeli asosida faoliyat yuritadigan yangi “O‘zbekfilm” milliy kinokompaniyasi tashkil etiladi.
Yangi kompaniya milliy kino brendini rivojlantirish va zamonaviy kinoindustriyani shakllantirishda tayanch markaz hamda bosh operator vazifasini bajaradi.
Kinokompaniya bevosita film ishlab chiqarmaydi. Filmlarni yaratish to‘liq xususiy sektorga o‘tkaziladi. “O‘zbekfilm” esa kino loyihalarini tanlash va moliyalashtirish, filmlarni targ‘ib qilish, tarqatish, shuningdek, ularni xalqaro bozorlar va festivallarga olib chiqish bilan shug‘ullanadi.
Ushbu o‘zgarishlar film ishlab chiqarishdan tortib, uni tomoshabinga yetkazishgacha bo‘lgan jarayonlarni yagona tizimga birlashtirishga qaratilgan. Yangi milliy kinokompaniya faoliyatini bir hafta muddatda yo‘lga qo‘yish topshirildi. Kinolarni moliyalashtirishda davlat buyurtmasi amaliyotidan subsidiya asosida qo‘llab-quvvatlash tizimiga o‘tiladi.
“Bundan buyon davlat filmning buyurtmachisi emas, ijodkorlar va xususiy sektorning ishonchli hamkori bo‘ladi”, — dedi Prezident.
Yangi tizimda texnik topshiriqlardan ko‘ra ijodiy jarayon va uning talablariga ustuvorlik beriladi. Yangi moliyalashtirish mexanizmini bir oy muddatda joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Kelgusi yildan boshlab har yili “O‘zbekfilm” milliy kinokompaniyasining so‘roviga ko‘ra budjetdan tegishli mablag‘ ajratib boriladi.








