O‘zbek kinosiga e’tibor kuchaydi: bir yilda 218 milliard so‘m ajratildi
Prezident milliy kino tarixida “Mahallada duv-duv gap”, “O‘tgan kunlar”, “Shum bola” va “Suyunchi” kabi filmlar alohida o‘rin tutishini ta’kidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekfilm” kinostudiyasida kinoijodkorlar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda. Davlat rahbari ushbu maskanda milliy kino tarixi, bir necha avlod ijodkorlarining mehnati va xalqning orzu-intilishlari mujassam ekanini ta’kidladi.
“Mahallada duv-duv gap”, “O‘tgan kunlar”, “Shum bola”, “Chinor ostidagi duel” va “Suyunchi” kabi filmlar tomoshabinlar xotirasida alohida o‘rin egallagan. Ulardagi lavhalar, iboralar va kuylar ko‘pchilikka bolaligi, bobo-buvilari hamda qadrdon mahallasini eslatadi.
Prezident o‘z davridagi siyosiy va mafkuraviy bosimlarga qaramay, ijodkorlar milliy san’atning nodir namunalarini yaratishga muvaffaq bo‘lganini ta’kidladi.
“O‘zbekfilm” an’analari mustaqillik yillarida ham davom ettirildi. “Abdullajon”, “Otamdan qolgan dalalar”, “Dilxiroj”, “Vatan” va “O‘tov” kabi tomoshabinlarga manzur filmlar suratga olindi.
Davlat rahbari o‘n yil avval kinostudiya qanday ahvolda bo‘lganini yodga olib, islohotlarning dastlabki kunlaridan boshlab uni tiklash va kinoijodkorlar uchun munosib sharoit yaratishga e’tibor qaratilganini qayd etdi. Kinostudiya to‘liq rekonstruksiya qilindi.
So‘nggi o‘n yil ichida kino sohasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ikkita farmon va sakkizta qaror qabul qilindi. 2016-yilda filmlar suratga olish uchun davlat budjetidan 10 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 218 milliard so‘mni tashkil etdi.
Prezidentning ta’kidlashicha, amalga oshirilgan ishlar natijasida milliy filmlarning salmog‘i va sifati oshdi, sohaga o‘nlab xususiy kinostudiyalar kirib keldi.








