O'zbekiston

Kino sohasini rivojlantirish: sohada ikkita yangi tuzilma tashkil etiladi

Kino yaratishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish bo‘yicha hamkorlik dasturi ishlab chiqiladi.

Kino sohasini rivojlantirish: sohada ikkita yangi tuzilma tashkil etiladi

O‘zbekistonda kinoshunoslik, professional tanqidchilik va milliy kino sanoatini rivojlantirishga qaratilgan yangi tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, Kinoshunoslar klubi va O‘zbekiston kino sohasi vakillari palatasini tashkil etish, shuningdek, kino ishlab chiqarishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish rejalashtirilmoqda.

 

Yangi Kinoshunoslar klubi faoliyatini “O‘zbekfilm” milliy kinokompaniyasi qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, klubning Xalqaro kinotanqidchilar federatsiyasi (FIPRESCI)ga a’zo bo‘lishiga ko‘maklashiladi. Bu milliy filmlarning nufuzli xalqaro festivallarda ishtirokini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

 

Bundan tashqari, O‘zbekiston Kino arboblari va O‘zbekiston kino sanoati vakillari uyushmalarini birlashtirish orqali O‘zbekiston kino sohasi vakillari palatasi tashkil etiladi. Palata ijodkorlarning mualliflik huquqlari va kasbiy manfaatlarini himoya qilish, sohada o‘zini o‘zi boshqarishni rivojlantirish hamda yosh mutaxassislarning professional o‘sishiga ko‘maklashish bilan shug‘ullanadi.

 

Yosh kinoijodkorlarning xorijda malaka oshirishi va yangi palata faoliyatini moliyaviy-tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash ham belgilangan. Palata faoliyatini tashkil etish ishlarini bir oy muddatda yakunlash topshirilgan.

 

Kino ishlab chiqarishda sun’iy intellektdan foydalaniladi

 

Milliy kino sanoatini yangi texnologik rivojlanish bosqichiga olib chiqish maqsadida kino yaratishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish bo‘yicha hamkorlik dasturi ishlab chiqiladi. Hujjatni bir oy ichida tayyorlash rejalashtirilgan.

 

Dasturda yangi ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, mutaxassislarni o‘qitish va ularning xorijda malakasini oshirish masalalari ham nazarda tutiladi.

 

“O‘zbekfilm” yagona milliy brendga aylantiriladi

 

Shuningdek, “O‘zbekfilm” nomini milliy kino sanoatining yagona brendi sifatida mustahkamlash taklif etildi. Xususan, Chilonzor hududining bir qismi xalq orasida azaldan “O‘zbekfilm” nomi bilan atalib kelayotgani qayd etilib, hozirgi Chilonzor ko‘chasining tegishli qismiga shu nomni berish tashabbusi ilgari surildi.

 

Bundan tashqari, Kino san’ati muzeyini “O‘zbekfilm” muzeyi, Kino san’ati saroyini “O‘zbekfilm” kinosaroyi, Milliy kinofondni esa “O‘zbekfilm” milliy kinofondi deb nomlash taklif qilindi. Ushbu muassasalarni yagona brend ostida birlashtirish ko‘zda tutilmoqda.

 

Ochiq muloqot yakunida milliy kinoni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlari belgilab olingani va taklif etilgan o‘zgarishlarni nazarda tutuvchi farmon imzolangani ma’lum qilindi.

 

Prezident ijodkorlarning tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidlab, sifatli filmlar yaratish uchun sharoit bilan birga halol mehnat, vatanparvarlik va xalqni sevib ijod qilish muhimligini qayd etdi.