Farg‘onada qarzdorlik evaziga mashina xatlandi
Hozirda u vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Majburiy ijro byurosi Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan sud hujjatlari ijrosini taʼminlash, qarzdorliklarni undirish va undiruvchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida belgilangan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Rishton tumanlararo sudining 2026 yil 16 maydagi ijro hujjatiga asosan, qarzdor Nishonov B.M.dan undiruvchi “Mikrokreditbank” ATB foydasiga 85 million 394 ming so‘m miqdoridagi qarzdorlikni undirish belgilangan.
Mazkur ijro hujjati ijrosini taʼminlash maqsadida qarzdorga tegishli bo‘lgan JAC JS6 LUXURY rusumli avtotransport vositasi 2026 yil 14 oktyabr kuni belgilangan tartibda xatlanib, vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Ayni paytda qarzdorlikni undirish maqsadida avtotransport vositasini belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish choralari ko‘rilmoqda.







