O'zbekiston

“Milliy filmlarimiz talabga javob beryaptimi? Afsuski, yo‘q” — Prezident

Shavkat Mirziyoyev kino sohasidagi davlat buyurtmasi tizimini tanqid qildi.

“Milliy filmlarimiz talabga javob beryaptimi? Afsuski, yo‘q” — Prezident

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi davrda yaratilgan tarixiy filmlar haqida to‘xtaldi. Ular orasida “Islomxo‘ja”, “Ibrat”, “Avloniy”, “Abdulla Qodiriy”, “Qo‘qon shamoli”, “Muqimiy”, “Ilhaq”, “O‘zbek qizi” va “Bahodir Yalangto‘sh” kabi asarlar bor. Davlat rahbari milliy kadrlarning yangi avlodi shakllanishida kinoijodkorlar munosib hissa qo‘shganini qayd etdi.

 

Shuningdek, “Oltin globus” xalqaro kino mukofoti tarixida Markaziy Osiyo va Kavkaz kinoijodkorlarini taqdirlash marosimi ilk bor Toshkentda o‘tkazilgani ta’kidlandi. Uchrashuvda ishtirok etayotgan aktrisa Gulchehra Jamilova “Meridian” mukofotiga sazovor bo‘ldi.

 

Shu bilan birga, Prezident milliy kino san’atini yangi bosqichga olib chiqish uchun hali ko‘p ish qilish kerakligini aytdi.

 

Davlat rahbari ijtimoiy tarmoqlar rivojlangani sabab odamlar kinoteatrlarga bormay qo‘ygani haqidagi fikrlarga munosabat bildirdi. Uning ta’kidlashicha, xorijiy filmlar namoyish etilayotgan kinoteatrlar tomoshabinlar bilan to‘lmoqda.

 

“Demak, tomoshabin kinodan, kinoteatrlarga borishdan voz kechgani yo‘q, faqat uning didi va talabi o‘zgardi. Milliy filmlarimiz ana shu talabga javob beryaptimi? Afsuski, yo‘q!” — dedi Prezident.

 

Buning sabablaridan biri filmlarni ishlab chiqarishdan tortib, ularni tomoshabinga yetkazishgacha bo‘lgan yaxlit tizim — distributsiya shakllanmaganidir.

 

Shuningdek, Prezident professional kinotanqidchilar fikri bilan yetarlicha hisoblashilmayotganini qayd etdi. Uning aytishicha, xolis tahlil ijodkorlarga kamchiliklarini ko‘rish va mahoratini oshirish imkonini beradi.

 

Kino loyihalarini moliyalashtirishdagi davlat buyurtmasi va xaridi tizimida ham muammolar bor. Prezidentning ta’kidlashicha, avvaldan shakllangan “goszakaz” tizimi zamonaviy kinoindustriya talablariga javob bermayapti.

 

Ma’lum qilinishicha, bir vaqtning o‘zida bitta rejissyorga oltitagacha, bir muallifga esa yettitagacha loyiha biriktirilgan. Bunday yuklama har bir asar ustida puxta ishlashni qiyinlashtiradi. Buyurtmalarning deyarli yarmi davlat studiyalariga berilgani esa xususiy ijodkorlar uchun teng raqobat imkoniyatlarini cheklagan.

 

Natijada kuchli ssenariy va sifatli film yaratish o‘rniga topshiriqni tezroq yakunlash asosiy mezonga aylanib qolgan. Prezident ijodkor mehnatining natijasi tomoshabinni chuqur o‘yga soladigan va uning qalbida iz qoldiradigan film bilan o‘lchanishi kerakligini ta’kidladi.

 

Shuningdek, ssenariy suratga olish jarayonida boyitilishi, ijodiy yechimlar esa o‘zgarishi mumkinligi qayd etildi. Shu sababli san’at asarini oddiy tovar yoki qurilish obyekti kabi texnik topshiriqlar asosida xarid qilish to‘g‘ri emasligi ko‘rsatib o‘tildi.