Jahon

«Birovga choh qazisang, o‘zing tushasan» — Putin Yevropa Ittifoqining Rossiya gazidan voz kechish qarori haqida

Rossiya prezidenti Yevropaning Rossiya energiya resurslaridan voz kechish siyosatini tanqid qildi.

«Birovga choh qazisang, o‘zing tushasan» — Putin Yevropa Ittifoqining Rossiya gazidan voz kechish qarori haqida

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Yevropa davlatlarining Rossiya gazidan voz kechishi xorijiy iste’molchilar uchun xarajatlarning keskin oshishiga olib kelishini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Rossiyani jahon gaz bozoridan chetlashtirish va mamlakat gaz sanoatining rivojlanishini cheklashga qaratilgan urinishlar jiddiy oqibatlarga sabab bo‘ladi. Bu haqda Putin gaz eksport qiluvchi mamlakatlar forumidagi chiqishi chog‘ida ma’lum qildi, deb yozdi RBK.

 

Putinning ta’kidlashicha, Rossiya jahon gaz bozorining asosiy ishtirokchilaridan biri hisoblanadi. Mamlakat tabiiy gaz zaxiralari bo‘yicha dunyoda birinchi, qazib olish hajmi bo‘yicha esa ikkinchi o‘rinda turadi. Shu bilan birga, Rossiya gaz kompaniyalari so‘nggi yillarda muayyan qiyinchiliklarga duch kelgan.

 

«Rossiyani jahon gaz bozori ishtirokchilari safidan chiqarishga, mamlakatimizda ushbu sohaning rivojlanishini cheklashga qaratilgan har qanday urinish jiddiy oqibatlarga olib keladi. Eng avvalo, bu gazning xorijiy yakuniy iste’molchilari — kompaniyalar, korxonalar va uy xo‘jaliklari uchun xarajatlarning haddan tashqari oshishida namoyon bo‘ladi», — dedi Rossiya prezidenti.

 

Putin Yevropani Rossiya energiya resurslaridan voz kechish va uzoq muddatli shartnomalarni bekor qilish orqali o‘z siyosati, sanoati hamda ijtimoiy sohasiga zarar yetkazayotganlikda aybladi.

 

«Birovga choh qazisang, o‘zing tushasan», — dedi u  vaziyatni izohlar ekan.

 

Rossiya rahbarining fikricha, jahon gaz sanoati oldida turgan vazifalarni hal qilish uchun yangi to‘siqlar yaratish emas, aksincha, hamkorlikni, birinchi navbatda, gaz eksport qiluvchi mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash zarur.

 

Putin bunday hamkorlik davlatlarning o‘z imkoniyatlari va suveren texnologiyalariga tayanishi, shuningdek, o‘zaro manfaatdorlik, ishonch va bir-birining manfaatlarini hurmat qilish tamoyillari asosida rivojlanishi kerakligini ta’kidladi.