12 million kishi xavf ostida: Hindistonga kuchli siklon yaqinlashmoqda
Hindistonning sharqiy sohillariga yaqinlashayotgan Arnab sikloni sababli minglab odamlar evakuatsiya qilinmoqda.

Hindiston sharqiy sohillariga “o‘ta kuchli” deb baholangan Arnab sikloni yaqinlashmoqda. Rasmiylar xavfli hududlardan o‘n minglab aholini evakuatsiya qilmoqda. Siklonning 28-oktyabr, chorshanba kuni ertalab quruqlikka yetib kelishi kutilmoqda.
Hindiston meteorologiya departamenti Andxra-Pradesh va Odisha shtatlari uchun ogohlantirish e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, siklon Andxra-Pradesh shtatidagi Visaxapatnam port shahridan 260 kilometr janubi-sharqda joylashgan.
Prognozlarga ko‘ra, siklon qirg‘oqqa yetib kelganida shamolning barqaror tezligi soatiga 115–125 kilometrni, kuchli shamol esishidagi tezligi esa soatiga 140 kilometrni tashkil etishi mumkin.
Andxra-Pradesh shtatining tabiiy ofatlarni boshqarish boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, siklon yo‘nalishida 12 milliondan ortiq kishi yashaydi. Dushanba kuni kechga qadar shtatdagi xavfli hududlardan qariyb 50 ming kishi boshpanalarga ko‘chirilgan. Jami 400 mingga yaqin odamni evakuatsiya qilish zarurati mavjud. Odisha shtati rasmiylari ham 48 ming kishini xavfsiz joylarga ko‘chirishni rejalashtirgan.
Siklon sababli Hindiston sharqida kamida 12 ta poyezd qatnovi bekor qilingan, mamlakat janubiy sohilidagi 53 ta yo‘nalishda esa seshanba va chorshanba kunlari temiryo‘l qatnovi to‘xtatilgan.
Qo‘shni Nepal rasmiylari ham ehtiyot choralarini ko‘rmoqda. Arnab sikloni payshanbaga o‘tar kechadan shanbagacha Himolay tog‘larida kuchli yomg‘ir, qor bo‘ronlari va qor ko‘chkilarini keltirib chiqarishi mumkinligi sababli sayyohlarga baland tog‘li hududlarga bormaslik tavsiya etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avgust oyida Nepalda Himolay tog‘lari hududida to‘satdan yuz bergan suv toshqini oqibatida qariyb 1 500 kishi halok bo‘lgan edi.








