Jahon

Yaponiya Afg'onistondagi bolalarni emlashga ko‘maklashmoqda — UNICEF

Afg‘onistonda 21 milliondan ortiq odam gumanitar yordamga muhtoj bo‘lishi kutilmoqda.

Yaponiya Afg'onistondagi bolalarni emlashga ko‘maklashmoqda — UNICEF

 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) Yaponiya hukumati va xalqi ko‘magida Afg‘onistonda bolalarni vaksinalar va zarur tibbiy xizmatlar bilan ta’minlashga yordam bermoqda.

 

UNICEF 26-oktabr kuni ma’lum qilishicha, hamkorlik bolalarning tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, poliomiyelitning oldini olishga qaratilgan.

 

Jamg‘arma Yaponiya hukumati va xalqiga afg‘on bolalarini uzoq yillardan buyon qo‘llab-quvvatlab kelayotgani uchun minnatdorchilik bildirgan. Tashkilot har bir bola poliomiyelitdan xoli kelajakka loyiq ekanini ta’kidlab, emlash ishlarini davom ettirish muhimligini qayd etgan.

 

UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda 21 milliondan ortiq odam gumanitar yordamga muhtoj bo‘lishi kutilmoqda. Ko‘plab oilalar esa asosiy tibbiy xizmatlardan foydalanishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

 

Shu sababli bolalarni emlash, asosiy tibbiy yordamni taqdim etish va aholining tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirish zarur.