Qirg‘izistonda hududiy boshqaruv o‘zgaradi: viloyat va tumanlar tugatiladi
Hukumat takroriy boshqaruv organlarini qisqartirish va hududlarni birlashtirish orqali ma’muriy tizimni qayta tashkil etmoqchi.

Qirg‘izistonda ma’muriy-hududiy islohotlarning ikkinchi bosqichi doirasida mavjud viloyat va tumanlarni tugatib, ular o‘rniga 20 dan ortiq yirik ma’muriy hudud tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish davlat agentligi direktori ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, islohotdan maqsad takroriy boshqaruv organlarini qisqartirish va ma’muriy-hududiy birliklarni birlashtirish orqali boshqaruv tizimini soddalashtirishdan iborat.
Yangi tizimda tumanlardan kattaroq, ammo viloyatlardan kichikroq hududlar — okruglar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Natijada hozirgi 40 dan ortiq tuman o‘rniga 20 dan ortiq okrug faoliyat yuritishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, hududlarni birlashtirishda ularning geografik joylashuvi va iqtisodiy salohiyati hisobga olinadi. Masalan, Issiqko‘l viloyatini shimoliy va janubiy qismlarga ajratish, Jalolobod va O‘sh viloyatlaridagi ayrim kichik tumanlarni yirikroq ma’muriy birliklarga birlashtirish rejalashtirilmoqda.
Qirg‘izistonda ma’muriy-hududiy islohot 2023-yilda boshlangan edi. Uning birinchi bosqichida qishloq ma’muriy birliklari soni 452 tadan 231 taga qisqartirildi, shaharlar soni esa 32 tadan 33 taga oshdi. Shuningdek, qo‘shni aholi punktlarini qo‘shish orqali 14 ta shaharning hududi kengaytirildi.
Islohotning ikkinchi bosqichi mamlakatdagi hududiy boshqaruv tizimini qayta tashkil etishni nazarda tutadi.








