Bir sutkada 143 mm yomg‘ir: Pxuketda ko‘chalar suv va loy ostida qoldi
Orolda bir sutkada 142,8 millimetrgacha yog‘ingarchilik kuzatildi.

Tailandning mashhur kurort oroli Pxuketda kuchli yomg‘irlar oqibatida suv toshqinlari va loy ko‘chkilari yuz berdi. Bangkok Post nashrining yozishicha, so‘nggi 24 soat ichida orolda 142,8 millimetrgacha yog‘ingarchilik kuzatilgan.
Eng murakkab vaziyat Patong hududida yuzaga kelgan. 26-oktyabrga o‘tar kechasi tog‘ yonbag‘irlaridan suv, loy va toshlar oqib tushib, uylar, do‘konlar va avtomobillarga zarar yetkazgan. Patong plyaji yaqinidagi Nanai hududida yo‘llar va turar joylar tosh hamda chiqindilarga to‘lgan.
Mahalliy hokimiyat zarar ko‘rgan hududlarni tozalash va aholiga yordam berish ishlarini boshlagan. Patongda vaqtinchalik boshpana ham tashkil etilgan.
The Nation nashri ayrim mehmonxonalar va binolarning quyi qismlarini suv bosgani haqida xabar bergan. Biroq Rossiya turoperatorlari assotsiatsiyasi (ATOR) mehmonxonalarga jiddiy zarar yetmagani, rossiyalik sayyohlar orasida jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘qligini bildirgan. Hozircha sayyohlarni boshqa joyga ko‘chirish bo‘yicha murojaatlar ham kelib tushmagan.
ATOR ma’lumotiga ko‘ra, orolning ayrim hududlarida suv sathi allaqachon pasaygan. Favqulodda xizmatlar va kommunal xodimlar ko‘chalardagi loy, tosh va chiqindilarni tozalab, zarar ko‘rgan aholiga yordam bermoqda.
Tailand meteorologiya xizmati mamlakat janubida kuchli yomg‘irlar chorshanbagacha davom etishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.








