Niderlandiyada yangi elektr samolyot loyihasi: bir quvvatlanish ming kilometrga yetadi
Samolyotni 2034-yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Niderlandiyaning Elysian Aircraft startapi 90 nafar yo‘lovchini tashiy oladigan va bir quvvatlanishda 1 000 kilometrgacha masofani bosib o‘tishga mo‘ljallangan E9X elektr samolyotini ishlab chiqmoqda. Loyihaning dastlabki bosqichlarida muhim texnologiyalar sinovdan o‘tkazilmoqda.
Samolyot qisqa va o‘rta masofali yo‘nalishlarda foydalanish uchun mo‘ljallangan. Ishlab chiquvchilar dastlab 800 kilometrgacha, keyinchalik esa 1 000 kilometrgacha parvoz qilish imkoniyatiga erishishni rejalashtirmoqda.
E9X loyihasining asosiy xususiyatlaridan biri — akkumulyatorlarni samolyot qanotlariga joylashtirish. Qanotlarining uzunligi 50 metrdan oshishi kutilayotgan havo kemasi oltita elektr dvigatel bilan jihozlanadi. Bunday konstruksiya katta hajmdagi energiyani saqlash va samolyotning parvoz masofasini oshirishga xizmat qilishi kerak.
Loyiha asoschilaridan birining ta’kidlashicha, avvallari yirik elektr samolyotlarini yaratish texnik jihatdan deyarli imkonsiz deb hisoblangan. Biroq kompaniya olib borgan tadqiqotlar bunday havo kemasini ishlab chiqish imkoniyatlarini ko‘rsatgan.
Shu bilan birga, samolyotning og‘irligini kamaytirish muhandislar oldidagi asosiy vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Har bir akkumulyator moduli taxminan bir tonna vaznga ega. Shu sababli energiya sig‘imini oshirish bilan birga konstruksiyaning umumiy og‘irligini nazorat qilish ham muhim ahamiyatga ega.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, E9X samolyotini 2034-yilga borib foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Loyiha muvaffaqiyatli amalga oshsa, elektr aviatsiyasi qisqa masofali yo‘lovchi tashish bozorida yangi imkoniyatlarni ochishi mumkin.
Ishlab chiquvchilar elektr samolyotlari aviatsiyadan atmosferaga chiqariladigan zararli gazlar miqdorini kamaytirishga yordam berishiga umid qilmoqda. Biroq E9X hali ishlab chiqish bosqichida bo‘lib, uning tijoriy parvozlari uchun zarur sinovlar va sertifikatlash jarayonlari oldinda.








