Hindistonda musson talafoti: chaqmoq urishidan 14 kishi halok bo‘ldi
Kuchli yomg‘irlar 62 ta ko‘chkiga sabab bo‘lgan.

Hindistonning janubidagi Tamil Nadu shtatida kuchli yomg‘irlar va musson mavsumi bilan bog‘liq noqulay ob-havo oqibatida kamida 14 kishi chaqmoq urishidan halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy hokimiyatga tayanib, PTI axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kuchli yomg‘irlar hududda 62 ta ko‘chkini keltirib chiqargan. Shuningdek, turar joylar va qishloq xo‘jaligi yerlari suv ostida qolgan.
Vaziyat sabab rasmiylar yuqori darajadagi ogohlantirish e’lon qilib, bir nechta mashhur tog‘ kurortlariga sayyohlar kirishini chekladi. Ushbu choralar ob-havo yaxshilanguniga qadar amal qiladi.
Mahalliy aholiga tuman hokimi tomonidan berilgan maxsus ruxsatnoma asosida soat 06:00 dan 18:00 gacha harakatlanishga ruxsat etilgan. Cheklovlar kuchli yomg‘irlar sabab ko‘chki xavfi ortgan tog‘li hududlarda odamlar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.
Shimoli-sharqiy musson Tamil Nadu shtatida oktyabr oyi o‘rtalarida boshlangan.








