Farg‘onadagi fojia: 24 yoshli yigit 15-qavatdan o'zini tashladi
Yigit avval ruhiy salomatlik markazida bir necha marta davolangan.

Farg‘ona shahrida 24 yoshli fuqaro ko‘p qavatli uyning 15-qavatidan o'zini tashlashi oqibatida vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Zamon.uz’ga ma’lum qildi.
Farg‘ona shahar IIB navbatchilik qismining 26-oktabr kuni 18: 30 lar atrofida bergan xabariga ko'ra, hodisa Shahарqishloq mahallasidagi Tarona ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uyda sodir bo‘lgan.
Hodisa joyi tezkor-tergov guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilib, ishga aloqador shaxslardan tushuntirish xatlari olingan. Dastlabki tibbiy ma’lumotnomada o‘lim sababi sifatida jigar yorilishi ko‘rsatilgan. O‘lim sabablarini aniqlashtirish uchun sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, hodisa joyida jinoyat izlari va shubhali holatlar aniqlanmagan. Marhum foydalangan “Redmi” rusumli telefon tekshirish uchun daliliy ashyo sifatida olib qo‘yilgan.
Qayd etilishicha, marhum avval shizofreniya tashxisi bilan Farg‘ona viloyatidagi ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik markazida bir necha bor davolangan. U oxirgi marta 4-iyuldan 13-oktabrgacha statsionar sharoitda davolangan.
Shuningdek, hodisa sodir bo‘lgan ko‘p qavatli uydagi videokuzatuv kameralari bir necha oydan beri ishlamayotgani aniqlangan.
Farg'ona shahar prokraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda. Tekshiruv natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi bildirilgan.








