Afg‘onistonga yuk tashish qimmatlashadi: ayrim mahsulotlar bundan mustasno
Afg‘onistonlik tadbirkorlar bu o‘zgarish ichki bozordagi mahsulotlar narxiga ta’sir qilishi mumkinligini bildirmoqda.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati 2026-yil 7-noyabrdan boshlab Afg‘onistonga temiryo‘l orqali yuk tashishda qo‘shimcha to‘lovlar joriy etilishini ma’lum qildi.
Kompaniya rasmiy saytida e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, yangi to‘lovlar yuklarning tarif toifasiga qarab belgilanadi. Ularning miqdori har bir vagon uchun 800 ming so‘mdan 1,3 million so‘mgacha bo‘ladi. Bu taxminan 67–109 dollarga teng.
Qo‘shimcha to‘lovlar O‘zbekiston orqali Afg‘onistonga olib o‘tiladigan aksariyat turdagi yuklarga tatbiq etiladi. Biroq bug‘doy, yog‘, neft mahsulotlari va gaz ushbu to‘lovlardan ozod qilinadi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” vakillarining bildirishicha, mazkur qaror tushumlar kamayishining oldini olish maqsadida qabul qilingan. Bu haqda TOLOnews xabar berdi.
Afg‘onistonlik tadbirkor Omid Haydariyning fikricha, yuk tashish xarajatlarining oshishi mamlakat ichki bozoridagi mahsulotlar narxiga ham ta’sir qilishi mumkin. U O‘zbekistonni transport va tranzit to‘lovlarini kamaytirishga chaqirgan.
Yuk tashish uchun qo‘shimcha to‘lovlar joriy etilishi haqidagi xabarlar fonida ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilingan.
Jumladan, Afg‘oniston qishloq xo‘jaligi, sug‘orish va chorvachilik vaziri o‘rinbosari O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari bilan onlayn uchrashuv o‘tkazgan.
Muzokaralarda Afg‘oniston go‘shti va kartoshkasini O‘zbekistonga eksport qilish, paxtachilik va bog‘dorchilikni rivojlantirish, shuningdek, urug‘chilik markazini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Afg‘oniston Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi Sher Muhammad Hotamiyning ma’lum qilishicha, uchrashuv ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi va chorvachilik aloqalarini mustahkamlash, savdo hamkorligi, qo‘shma investitsiyalar hamda texnik tajriba almashinuvini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan.
TOLOnews materialida qayd etilishicha, Afg‘onistonning importga qaramligi va mintaqa davlatlaridan mahsulot olib kirish xarajatlarini hisobga olganda, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan iqtisodiy aloqalarni kengaytirish muhim ahamiyatga ega.
Iqtisodiy tahlilchi Abdul Nosir Reshtiyaning fikricha, Afg‘onistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo aloqalarini kengaytirishi transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va yagona yo‘lga qaramlikni kamaytirish imkonini beradi.








