O‘zbekiston ilmiy tashkilotlari va oliygohlariga Koreyada ishlab chiqarilgan 50 ta traktor topshirildi
Koreya bilan hamkorlikdagi loyiha doirasida O‘zbekistonda ekologik toza qishloq xo‘jaligi texnikasidan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda.

InnoWeek–2026 xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida Koreya Respublikasining “TYM” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan, siqilgan tabiiy gazda (STG) ishlaydigan 50 ta qishloq xo‘jaligi traktori O‘zbekiston ilmiy tashkilotlari, oliy ta’lim muassasalari va Yoshlar texnoparkiga beg‘araz topshirildi.

Traktorlar Koreya Respublikasi hukumati grant mablag‘lari hisobidan 2022–2026-yillarda amalga oshirilayotgan loyiha doirasida olib kelingan.
Tadbirda O‘zbekiston ta’lim va ilm-fan vaziri o‘rinbosari Mehriniso Pardayeva, qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshidjon Abduzuxurov hamda Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon ishtirok etdi.

Tadbirda qishloq xo‘jaligiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ekologik toza texnikalardan foydalanish va ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy-texnologik hamkorlikni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
50 ta traktorni topshirish “O‘zbekiston uchun ekologik toza yoqilg‘i — siqilgan tabiiy gaz asosida qishloq xo‘jaligi texnikasi platformasini yaratish” loyihasining muhim bosqichi hisoblanadi. Loyiha Koreya Respublikasi hukumatining rasmiy taraqqiyot ko‘magi (ODA) mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilib, Koreya texnologiyalarni rivojlantirish instituti (KIAT), Innovatsion rivojlanish agentligi va “O‘zavtosanoat” AJ hamkorligida amalga oshirilmoqda.

Loyihaning asosiy maqsadi O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi texnikasini siqilgan tabiiy gazga moslashtirish, ushbu yo‘nalishda ilmiy-tadqiqot va ishlanmalar markazini tashkil etish hamda mahalliy muhandislik salohiyatini rivojlantirishdan iborat.
Loyiha doirasida Chirchiq shahridagi “AgroTech” qishloq xo‘jaligi mashinasozligi klasteri hududida tadqiqot markazi uchun bino qurilishi yakunlangan. Markazni zarur jihozlar bilan ta’minlash maqsadida umumiy qiymati 6,5 million AQSh dollaridan ortiq zamonaviy uskunalar yetkazib berilgan.

Shuningdek, mahalliy mutaxassislar uchun maxsus o‘quv-treninglar tashkil etilgan. 50 nafarga yaqin mutaxassis Koreya Respublikasidagi yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlari va ishlab chiqarish korxonalarida malaka oshirgan.
Koreyada ishlab chiqarilgan traktorlar “AgroTech” klasteri hududida “TYM” kompaniyasi mutaxassislari ishtirokida dala sinovlaridan o‘tkazilgan. Shuningdek, ular Texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi Ilmiy sinov va sifat nazorati markazida tekshirilib, tegishli sertifikatni olgan.

Loyihani 2026-yilda yakunlash rejalashtirilgan. Uning natijalari qishloq xo‘jaligi texnikasini ekologik toza yoqilg‘iga o‘tkazish, yangi muhandislik yechimlarini ishlab chiqish va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etishga xizmat qilishi kutilmoqda.









