Suvdan qarzi bor iste’molchilarning elektr to‘lovlari cheklanadimi? Yangi tartib ma’lum qilindi
Yangi tartib 2027-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.

O‘zbekistonda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun qarzdorlikni undirish tartibi 2027-yil 1-yanvardan o‘zgaradi. Bu haqda “O‘zsuvta’minoti” matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yangi tartibga ko‘ra, belgilangan muddatda to‘lanmagan qarzlar miqdoriga qarab notarial yoki sud tartibida undiriladi. Jumladan, 1 000 ta hisoblash birligigacha bo‘lgan qarzlar notarial tartibda, ushbu miqdordan oshadigan qarzlar esa sud orqali undiriladi.
Shundan so‘ng tegishli ijro hujjatlari tayyorlanib, Majburiy ijro byurosiga yuboriladi. Agar ijro hujjatlari rasmiylashtirilganidan keyin ham iste’molchi o‘z majburiyatlarini belgilangan tartibda bajarmasa, qonunchilikka muvofiq, uning elektr energiyasi uchun to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati cheklanishi mumkin.
Bunda iste’molchi elektr energiyasi uchun to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatini qayta tiklashi uchun ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari bo‘yicha qarzdorligini to‘lashi kerak bo‘ladi.
“O‘zsuvta’minoti” qarzdorlik yuzaga kelishi bilan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati darhol cheklanmasligini alohida ta’kidladi. Iste’molchiga qarzni to‘lash uchun yetarli vaqt beriladi. Cheklov faqat qarzdorlik belgilangan tartibda undirilmagan va ijro hujjatlari bo‘yicha majburiyatlar bajarilmagan taqdirda qo‘llanadi.








